Boshqaruv servis kompaniyalari aholi xizmatida
Aholi farovonligini oshirish, koʻp kvartirali uy-joy fondidan foydalanishda, kommunal xizmat koʻrsatish sohasini tubdan isloh qilish bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimi”ni yanada takomillashtirish fuqarolarning munosib sharoitlarda yashashini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Bunda boshqaruv servis kompaniyalarining tizimli faoliyati aholining koʻp yillik muammolariga yechim topish va uy-joy fondini saqlashda muhim omildir.
Joriy yilda viloyat boʻyicha jami 152 ta koʻp kvartirali uyni mukammal va joriy taʼmirlash ishlari koʻzda tutilgan boʻlib, ayni paytda ushbu yoʻnalishdagi rejalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarni, birgina Xonqa tumani misolida tahlil qilsak, tumanda faoliyat yuritayotgan ikkita yetakchi boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan hududdagi koʻp qavatli turar-joylarda joriy taʼmirlash ishlari va uylarning atrofini doimiy ravishda tozalash-obodonlashtirish ishlari reja asosida, tizimli ravishda olib borilmoqda. Kompaniya mutaxassislarining kunlik saʼy-harakatlari tufayli hududlarda atrof-muhit ozodaligi taʼminlanmoqda, bu esa aholining yashash madaniyatini yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilmoqda.

